
Sog‘lom turmush tarzi – inson salomatligini mustahkamlash, jismoniy va ma’naviy barkamollikka erishishning eng muhim omillaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda yurtimizda aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularni ommaviy sport turlariga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, mehnat jamoalarida sog‘lom muhitni shakllantirish va ishchi-xizmatchilarning jismoniy faolligini oshirishda kasaba uyushmalari tomonidan tashkil etilayotgan sport tadbirlari ishchi-xizmatchilar salomatligini mustahkamlash, ularning ish unumdorligini oshirish hamda jamoalarda sog‘lom va ijobiy muhit yaratishga xizmat qilmoqda.



An’anaga ko‘ra, har yili 7 aprel — Butunjahon salomatlik kuni munosabati bilan yurtimizning barcha hududlarida turli sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu sana inson salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va jismoniy faollikni oshirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni o‘zida mujassam etadi.
Joriy yilda ham mazkur sana munosabati bilan Buxoro shahridagi Semurg‘ sport majmuasida da 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yosh ishchi-xizmatchilar o‘rtasida sportning shaxmat, darts va suzish turlari bo‘yicha viloyat musobaqasi yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur musobaqa Federatsiyaning Buxoro viloyati Kengashi Yoshlar birlashmasi tomonidan o‘tkazildi.




Musobaqada tarmoqlar tizimida faoliyat olib borayotgan 250 nafar turli kasb egalari ishtirok etib, sportning turli yo‘nalishlarida o‘zaro bellashdilar. Ishtirokchilar o‘z mahorat va salohiyatlarini namoyon etib, do‘stona va halol raqobat muhitida kuch sinashdilar.
Ma’lumot o‘rnida, viloyatimizda shaxmat sporti ham izchil rivojlanib bormoqda. Bugungi kunda 14 ta tashkilotda 69 nafar tajribali murabbiylar faoliyat yuritib, 2572 nafar ishtirokchi muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Shuningdek, darts sporti ishchi-xizmatchilarning diqqatini jamlash, aniqlikni oshirish hamda ish jarayonida samaradorlikni yuksaltirishda, suzish esa inson salomatligini mustahkamlab, jismoniy chidamlilikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar taqdirlanib, ularga viloyat Kengashining diplom va estalik sovg‘alari topshirildi.


Bunday sport tadbirlari aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, yoshlarni jismoniy va ma’naviy jihatdan barkamol etib tarbiyalash hamda jamiyatda sog‘lom hayot tarzini qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etadi.


