“Sog‘lom tanda – sifatli tibbiyot” sport musobaqalari o‘tkazildi

Yurtimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, aholi, ayniqsa yoshlar va mehnat jamoalari o‘rtasida jismoniy faollikni oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Shu maqsadda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tibbiyot xodimlari o‘rtasida “Sog‘lom tanda – sifatli tibbiyot” shiori ostida sport musobaqalari tashkil etildi.

Musobaqalarda viloyatdagi 55 ta tibbiyot muassasasidan 4405 nafar xodim ishtirok etdi. Saralash bosqichlaridan o‘tgan 512 nafar eng kuchli ishtirokchi viloyat bosqichida mini-futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka bo‘yicha bellashdi.

Mazkur musobaqada Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filiali, shuningdek G‘ijduvon, Shofirkon va Vobkent, Qoravulbozor, Peshku tuman tibbiyot birlashmalari jamoalari faol ishtirok etib g‘alabaga bo‘lgan qat’iyatini namoyon etdilar.Yakuniy natijalarga ko‘ra, Respublika tez tibbiy markazi Buxoro viloyat filiali jamoasi mutlaq g‘olib deb topildi. G‘oliblar kasaba uyushmalari kubogi, diplom hamda 30 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Mazkur musobaqalar jamoalar o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlash, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda xodimlar salomatligini yaxshilashga xizmat qildi.

Print Friendly, PDF & Email