
Muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘nggi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimida misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishildi. Jumladan, oliy ta’lim qamrovi 8,3 foizdan 47,7 foizga yetdi, talabalar soni qariyb 5 baravarga oshdi, oliy ta’lim muassasalari soni 77 tadan 211 taga ko‘paydi. Xususiy maktablar soni 5 baravardan ziyod oshdi, maktabgacha ta’lim qamrovi esa qariyb 3 baravarga kengaydi. Bu o‘zgarishlar xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz hayotida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 avgustdagi PQ–5227-sonli “Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi huzurida Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi tashkil etildi. Mazkur oliy ta’lim muassasasi ijtimoiy sohalar uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha Markaziy Osiyodagi yagona ta’lim dargohlaridan biri hisoblanadi.

Akademiya faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, talabalar soni va ta’lim sifatini oshirish, qabul jarayonining shaffofligini ta’minlash maqsadida 2026/2027 o‘quv yili uchun 1-bosqichga jami 1110 nafar talaba qabul qilish rejalashtirilgan. Shundan 740 nafari kunduzgi, 370 nafari kechki ta’lim shakli bo‘yicha tahsil oladi.
Joriy yilning 4 iyun kuni Buxoro shahridagi Kasbiy ko‘nikmalar markazida kasaba uyushmalari mas’ul xodimlari, yirik korxona va tashkilotlar vakillari hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablari bitiruvchilari ishtirokida Akademiya faoliyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mehnat va ijtimoiy munosabatlar sohasida talab yuqori bo‘lgan kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash, mazkur yo‘nalishlardagi imkoniyatlarni keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, kasb-hunar maktablari, texnikumlar bitiruvchilari hamda korxona va tashkilotlarda targ‘ibot ishlarini izchil davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

Bugungi kunga qadar viloyat Kengashi tomonidan Akademiya faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari va imkoniyatlari haqida mahalliy ommaviy axborot vositalari, veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari amalga oshirilgani qayd etildi.
Tadbirda Akademiyaning ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i, dotsent Begimov Nurilla Nazarovich hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat Kengashi raisi Olimov Muhammadqosim Hoshimovich ma’ruza bilan ishtirok etdilar. Tadbir savol-javoblar tarzida davom ettirildi.

Shuningdek, tadbir doirasida Buxoro shahrida boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari raislari uchun “Kasaba uyushmalari boshlang‘ich tashkilotlari faoliyatini Ustav talablari va me’yoriy hujjatlar asosida tashkil etish” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.
O‘quv-seminar davomida boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini Ustav talablari asosida tashkil etish, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalarni amaliyotga tatbiq etish, mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilishda kasaba uyushmalarining o‘rni, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash tartibi kabi masalalar atroflicha yoritildi.



