12-iyun: Bolalar mehnatiga qarshi kurash – farzandlar baxti va kelajagi yo‘lida muhim qadam

12-iyun — Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni munosabati bilan tadbir o‘tkazildi.

Xalqaro mehnat tashkiloti (keyingi o‘rinlarda – XMT) tomonidan 2002-yildan boshlab 12-iyun sanasi Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni sifatida dunyo miqyosida keng nishonlanib kelinmoqda.

So‘nggi yillarda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda bolalar mehnatiga qarshi kurashish borasida tizimli va samarali ishlar amalga oshirildi. Natijada yurtimizda bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi.

Har yili Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Ish beruvchilar konfederatsiyasi bilan hamkorlikda joylarda mazkur sanaga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etilmoqda.

Joriy yilning 10-iyun kuni Buxoro shahridagi “Zakovat” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan “Bolalar mehnatiga qizil kartochka: Bolalar uchun adolatli o‘yin, kattalar uchun munosib mehnat!” mavzusidagi tadbir yuqori saviyada tashkil etildi.

Tadbirda Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi rais o‘rinbosari Sh. Javlonov hamda viloyat kengashi raisi o‘rinbosari           A. Akramova ishtirok etib, 12-iyun — Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kunining ahamiyati, bolalar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdilar.

Tadbir doirasida bolalar o‘rtasida rasmlar tanlovi o‘tkazilib, ishtirokchilar bolalar huquqlari, baxtli bolalik, ta’lim va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi mavzularda ijodiy ishlarini namoyish etdilar. Eng sara va mazmunli ishlar hakamlar hay’ati tomonidan baholanib, g‘oliblar munosib ravishda taqdirlandilar.

Shuningdek, sportning ommaviy turlari bo‘yicha qizg‘in musobaqalar tashkil etildi. Musobaqalar bolalarda jamoaviylik, do‘stlik va sog‘lom raqobat muhitini mustahkamlashga xizmat qildi.

Tadbirning yakuniy qismida faol ishtirokchilar, tanlov va musobaqa g‘oliblari viloyat kengashining diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Ayni damda mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, viloyatimizda ham bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari mavsumi qizg‘in davom etmoqda. Mazkur imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlari viloyatimizda faoliyat yuritayotgan 11 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida ham keng qamrovda tashkil etilmoqda.

Bu kabi tadbirlar bolalarning mazmunli dam olishi, huquqiy ongi va ijtimoiy faolligini oshirish, shuningdek, bolalar mehnatiga qarshi kurashish g‘oyalarini keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.

Print Friendly, PDF & Email