“Sog‘lom tanda – sifatli ta’lim” sport musobaqalarining Buxoro viloyati bosqichi o‘tkazildi

Besh tashabbus olimpiadasi doirasida maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlari o‘rtasida “Sog‘lom tanda – sifatli ta’lim” shiori ostidagi Kasaba uyushmasi kubogi sport musobaqalarining Buxoro viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur musobaqalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF–60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining 67-maqsadi hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-fevraldagi “Besh tashabbus olimpiadasi”ni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishga oid 28-sonli bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

7-may kuni Buxoro bolalar oromgohida o‘tkazilgan viloyat bosqichi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Buxoro viloyati kengashi, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, viloyat sport boshqarmasi hamda Yoshlar ishlari agentligining Buxoro viloyati boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.

Musobaqalar doirasida mini-futbol, shaxmat, шашка, stol tennisi va voleybol sport turlari bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazildi. Unda sportsevar o‘qituvchi va murabbiylar o‘zaro kuch sinashib, jismoniy tayyorgarligi, sport mahorati hamda jamoaviy hamjihatligini namoyon etdilar.

Musobaqalarning quyi bosqichlarida viloyatdagi 542 ta maktabdan 15 ming 500 nafardan ortiq ta’lim muassasalari xodimlari qatnashdi. Viloyat bosqichiga esa 13 ta tuman va shahardan saralab olingan 420 nafar eng kuchli ishtirokchi yo‘llanma oldi.

Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy o‘tgan musobaqalarda barcha jamoalar g‘alaba sari intilib, faol ishtirok etdilar. Bellashuvlar ishtirokchilar o‘rtasida do‘stlik, birdamlik va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga xizmat qildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, sportning barcha turlari bo‘yicha eng yuqori natijalarni qayd etgan Olot tumani jamoasi umumjamoa hisobida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Kasaba uyushmasi kubogi hamda 30 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Shuningdek, G‘ijduvon, Shofirkon, Qorako‘l tumani jamoalari, shuningdek Buxoro tumani va Buxoro shahri jamoalari ham faxrli o‘rinlarni egalladilar.

Musobaqalar yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, qimmatbaho hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tadbir jarayonlari ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.

Print Friendly, PDF & Email