7 aprel — Butunjahon salomatlik kuni

Salomatlik insonning asosiy boyligi hisoblanadi. Zamonaviy hayot ritmida va doimiy stressli vaziyatlarda organizmni sog‘lomlashtirishga vaqt ajratish qiyin. Sog‘lom turmush tarziga e’tiborni tortish — Butunjahon salomatlik kuni deb atalgan bayramning muhim vazifasidir. 7 aprel — Butunjahon salomatlik kuni sifatida 1950 yildan beri har yili dunyo hamjamiyati tomonidan keng nishonlanib кelinadi.

E’tiborli jihati, yurish barcha sport turlari orasida eng osoni va qulayidir. Buning uchun juda ko‘p energiya sarflashning hojati yo‘q, ijobiy ta’siri esa juda yuqori. Yurish organizmning umumiy holatiga ta’sir ko‘rsatadi, mushaklarni baquvvat qiladi, suyak to‘qimasini mustahkamlaydi, harakatlarni muvofiqlashtirishni rivojlantiradi. Jismoniy faoliyatning bunday turi harakatning eng xavfsiz turi hisoblanib, uni deyarli har bir kishi — o‘smirdan tortib, keksa odam ham bemalol bajarishga qodir.

Shu munosabat bilan bugun erta tongdan  shaxrimiz markazida joylashgan  “Ko‘hna  va boqiy Buxoro” majmuasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat Kengashi tomonidan yurish marafoni tashkil etildi. “7aprel – Butunjahon salomatlik kuni”ga bag‘ishlab tashkil etilgan marafonda  korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan  3000 nafardan ortiq xodimlar ishtirok etdi. Maqsad korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan yoshlar o‘rtasida  sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish va shu bilan birga sport va jismoniy tarbiyani kundalik ish jarayoni bir bo‘lagini tashkil qilishi zarurligi bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat. Bu o‘z salomatligi, sog‘lom tanasi va mustahkam irodasi haqida qayg‘uradigan har bir kishi uchun muhim tadbir hisoblanadi. Ishtirokchilar Ko‘hna  va boqiy Buxoro majmuasining so‘lim bog‘ida 3 kilometrlik masofani bosib o‘tdilar. Bog‘ning xushmanzara tabiati, musaffo havosi ularga  ko‘tarinki  kayfiyat bag‘ishladi. Tadbir so‘ngida joriy yilning 30 aprel kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy jarayon O‘zbekiston Respublikasi Referendumi yuzasidan targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda kengash raisi M.Olimov va Qonunchilik palatasi deputati Sherzod Rahmonov so‘zga chiqdilar. Xalqimiz hayotidagi muhim siyosiy voqeaga barchani faol ishtirok etishga chaqirdi.

Madaniy ma’rifiy va sport  ishlari bo‘limi mutaxassisi

Abera Imomova

 

 

Print Friendly, PDF & Email