Dunyoda 200 ga yaqin amaldagi konstitutsiya bor va 65 ta yangi konstitutsiya qabul qilindi. AQSh konstitutsiyasi eng barqarori deb tan olingani bilan, mamlakatning har bir shtatida alohida ichki konstitutsiya bor va ularda ko‘plab o‘zgarishlar bo‘lib turadi. Fransiya konstitutsiyasiga shu kunga qadar 24 ta o‘zgarish kiritilgan. Taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqchi bo‘lgan mamlakat oldida yangi konstitutsiyaviy makonga ega bo‘lish talabi turadi. Konstitutsiyaviy o‘zgarishlarning muhim tomoni shundaki, u davlat manfaatlaridan ko‘ra inson huquqlarining kafolatini kuchaytiradi. Mamlakatimizning yangilanayotgan konstitutsiya loyihasida ham shunday o‘zgarishlarni ko‘plab kuzatish mumkin…
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyaning Buxoro viloyat kengashida “Konstitutsiya o‘zimiznki” shiori ostida tashkil etilgan davra suhbatida konstitutsion o‘zgarishlar bilan bog‘liq shu singari bir qancha qiziqarli ma’lumotlar taqdim etildi. Tarmoq mas’ul tashkilotchilari, birlashgan qo‘mitalar, viloyat, shahar va tuman kengashlari, boshlang‘ich tashkilotlar raislari, mas’ul xodimlari ishtirok etgan davra suhbatini kengash raisi Muhammadqosim Olimov olib bordi. Tadbirda ishtirokchilar qiziqarli savollar, muhim faktlar asosida o‘ziga xos tarzda konstitutsion o‘zgarishlardan xabardor qilindi. Referendum aslida nima, uning saylovdan qanday farqlari bor, qaysi holatlarda referendum o‘tkazishga ehtiyoj tug‘iladi, Markaziy saylov komissiyasi va okrug hamda uchastka komissiyalari qanday vazifalarni bajaradi singari tezkor savollarga zukko ishtirokchilar javob qaytardilar. Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlar tegishli sohalar xususan, ta’lim, mehnat muhofazasi, tibbiyot, sud-huquq tizimi kabi sohalar kesimida kichik tahlil qilindi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, amaldagi konstitutsiyamizga shu kungacha 15 marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Ularning asosiy qismi davlat boshqaruvi, prezident, hukumat va saylov tizimi bilan bog‘liq o‘zgarishlar edi. Endigi konstitutsiya o‘zgarishida 50 foizdan ortiq o‘zgarishlar inson huquq va manfaatlari bilan bog‘liq.
-Muhimi shuki, — dedi M.Olimov. — Odatda qandaydir qonun loyihalarini davlat organlari ishlab chiqar, keyin muhokamaga qo‘yilar edi. Bu safar birinchi marta avval fuqarolar taklifi olinib, keyin qonun loyihasi shakllantirildi. Muhokamadan keyingi takliflar asosida yana qayta tahrir qilindi. Shuning natijasi o‘laroq aynan fuqarolarni qiynayotgan ko‘plab masalalar o‘z aksini topdi. Fuqarolar tomonidan huquqiy asosli aniq taklif qilib berilmagan g‘oyalar ham mutaxassislar tomonidan takomillashtirilib kiritildi. Konstitutsiya 65 foizga o‘zgarmoqda.
Xulosa shuki, konstitutsiyaning prinsiplari saqlangan holda, 50 foizidan ko‘p qismi o‘zgartirilmoqda. Inson huquqlari bilan bog‘liq masalalar o‘zgaryapti va bu davlatning ijtimoiy majburiyatlarini 3 karra oshiryapti. Buning natijasija Konstitutsiya davlat va fuqarolar o‘rtasidagi “ijtimoiy shartnoma” vazifasini ham o‘tamoqda desak yanglishmaymiz.
Murod ARSLONOV,
Buxoro viloyat kengashi mehnat huquq inspektori