Keksa avlod vakillarini qadrlash, hurmatlash, ularga ehtirom ko‘rsatish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan azaliy qadriyatlarimizdan biridir. Darhaqiqat, yoshi ulug‘ otaxon-u mo‘tabar onaxonlarimizni e’zozlash va ularni qadrlash, ularning hurmatini o‘rniga qo‘yish bizning uzoq asrlik urf-odatlarimiz, milliy an’analarimiz hamda yashash tarzimizning ajralmas bir bo‘lagiga aylangan desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu birinchi navbatda keksa avlod vakillariga bo‘lgan g‘amxo‘rlik va e’tiborni kuchaytirish bo‘lsa, ikkinchidan yosh avlod uchun ulkan tarbiya va tajriba maktabi bo‘ladi.
Joriy yilning 8 may kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Buxoro viloyat Kengashi majlislar zalida mehnat faxriylari, kasaba uyushmalari sohasida uzoq yillar mehnat qilgan fidoyi kasb egalari, faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlar, yoshlar ishtirokida “Inson qadri ulug‘, xotira — muqaddas” shiori ostida uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tarix, bugun va kelajakni o‘zida mujassam etgan bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar el-yurtimiz hayotida go‘zal an’anaga aylanib borayotgani haqiqat.
Tadbirni viloyat Kengashi raisi Olimov Muhammadqosim Hoshimovich kirish so‘zi bilan ochib berdi, “Uch avlod uchrashuvi” kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar el-yurtimiz hayotida go‘zal an’anaga aylanganligi, bunday tadbirlar yoshlarga shijoat bag‘ishlaydigan diydorlashuv tadbiri ekanligi, uch avlod vakillari birlashsa, xayrli ishlarga qo‘l ursa, rivojlanish bo‘lishi, vatan ravnaq topishi haqida so‘z yuritdilar. Mamlakatimizda inson omiliga yuksak e’tibor berilayotgani, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jamiyatimizning har bir a’zosiga g‘amxo‘rlik, mehr-oqibat ko‘rsatilayotgani, inson qadr-qimmati, uning orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarishga imkoniyat yaratib berish ustuvor vazifaga aylangani ta’kidlandi.
Tadbir davomida kasaba uyushmalari tizimlarida uzoq yillar faoliyat yuritib kelgan mehnat faxriylari xotirasiga bag‘ishlangan video rolik namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Buxoro viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlarida uzoq yillar mehnat qilgan faxriylar Saida Sayfullaeva, Rahmat G‘aniev, Norjon Bozorova, Jamol Ashurov singari sohaning rivoji uchun ulkan hissa qo‘shgan faxriylar ishtirok etdi. Tadbirda ular so‘zga chiqib, hayoti va mehnat faoliyati davomida to‘plagan boy tajribasi, yoshlik davridagi o‘ziga xos qiyinchiliklar, mehnat pallasidagi mashaqqatlar, nihoyat, nuroniylik paytida ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom haqida o‘z dil so‘zlarini, samimiy fikrlarini izhor etdi. Shu bilan birga Yangi O‘zbekistonning porloq kelajagi uchun har bir kamol topayotgan yoshlarimiz tinimsiz va sodiq xizmatda bo‘lishlarini alohida ta’kidlab o‘tdi. O‘zbekiston ko‘zlagan ulkan marralarni keksalarimizning o‘gitlari, o‘rta avlod vakillarining fidokorligi, matonati va albatta yoshlarning shijoatisiz zabt etib bo‘lmasligi e’tirof qilindi.
Tadbir davomida sohaning yosh vakillari mehmonlarni bayram bilan tabrikladilar. So‘zga chiqqan o‘rta avlod vakillari va yoshlar bu kabi tadbirlar ko‘plab tashkil qilinishi taklifini bildirib, keksa avlod vakillarining ibratli so‘zlari yoshlar uchun jonli maktab vazifazini o‘tashini bildirdilar va o‘zlari erishgan yutuqlar, amalga oshirayotgan ishlari haqida so‘zladilar.
Tadbir mehmonlari bir piyola choy va to‘kin dasturxon ustida dildan suhbatni davom ettirdilar.
Bunday xalqimizga xos mehr-oqibat, katta avlodni e’zozlash, ularning hayot yo‘lini o‘rganish orqali yosh avlodga ibrat maktabini tarannum etuvchi tadbirlar ko‘lamini oshirish bugungi kun uchun hayotiy zaruratdir. Qolaversa, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda bu kabi uchrashuvlar beqiyos ahamiyatga ega.
Viloyat kengashi matbuot kotibi