Mushtariylar bilan uchrashuv

Respublikamizning eng yirik bosma nashrlaridan biri «Ishonch» va «Doverie» gazetalari kasaba uyushmalari faoliyatini yoritishda muhim manba bo‘lib xizmat qilayotir. Ko‘p sonli mushtariylarga ega mazkur nashr tahririyati ijodiy jamoasi har yili o‘z gazetxonlari bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularning gazeta rang-barangligini ta’minlashga doir taklif va mulohazalarini tinglash maqsadida “Ishonch kunlari” tadbirlarini o‘tkazish an’anasini yo‘lga qo‘ygan.  Yaqinda ana shunday tadbirlarning navbatdagisi kasaba uyushmalari Buxoro viloyati kengashida o‘tkazildi.

Tadbirni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Buxoro viloyati kengashi raisi Muhammadqosim Olimov kirish so‘z bilan ochdi.  Va kasaba uyushmalari tashkilotlari faoliyatiga, mehnat jamoalarida har bir ishchi-xizmatchiga yaratilayotgan sharoitlar, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, sog‘liqlarini mustahkamlash va boshqa yo‘nalishlarda olib borilayotgan keng miqyosdagi ezgu ishlarga alohida to‘xtaldi. Hamda “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalarida kasaba uyushmalari tashkilotlarining keng qirrali faoliyati izchil ravishda yoritib borilayotganligini qayd etdi.

Tadbirda qatnashgan “Ishonch” va “Doverie” gazetalari bosh muharriri o‘rinbosari Jahongir Nahanov hamda gazeta bo‘lim boshlig‘i Alijon Abdurahmonov yoritilayotgan mavzularning rang-barangligini ta’minlash, ayniqsa, mushtariylarning turli savollariga, murojaatlariga mutaxassislarning aniq javoblarini tezkorlik bilan yetkazish hamda kasaba uyushmalari tashkilotlari faoliyatining ibratli ish uslublari va boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha materiallar chop etishga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi. Shuningdek, tahririyatning 2024 yildagi rejalari, istiqbolli loyihalarni ijodiy jarayonga tatbiq etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida to‘xtaldi.

Tadbir davomida so‘z olgan mushtariylar gazetalarning har bir sonini diqqat va qiziqish bilan mutolaa qilayotganliklarini, o‘zlarining soha bo‘yicha savollariga gazetalar orqali malakali javoblar olayotganliklarini ta’kidlashdi.  Xususan, “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalarini buxorolik gazetxonlar qiziqish bilan mutolaa qilayotganliklari alohida e’tirof etildi.

Mushtariylar o‘zlari bilan joylarda bunday uchrashuvlarning tashkil etilishi gazetalarning yanada o‘qishli, ta’sirchan, rang-barang, qiziqarli tarzda tayyorlanishida alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. Ijodiy uchrashuv barchada chuqur taassurot qoldirdi.

Print Friendly, PDF & Email