Ustozlarning ustama pullari undirib berildi

O‘qituvchiga e’tibor – kelajakka e’tibor. Bu haqiqat so‘zda emas, amalda o‘z ifodasini topgandagina jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi. Ayniqsa, bilim va tajribasi bilan yosh avlodni tarbiyalab kelayotgan malakali pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Ammo ba’zan joylardagi tashkiliy yoki moliyaviy kamchiliklar ana shu ezgu maqsadlar ijrosiga soya solishi ham mumkin.

Buxoro shahri Shayxul Olam mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro D. Ahmedovaning 2025 yil 5 dekabr kuni yo‘llagan murojaati aynan shunday masalalardan birini ko‘tardi. Unda malakali pedagoglarga belgilangan ustama to‘lovlarining o‘z vaqtida amalga oshirilmayotgani bildirilgan edi. Murojaat O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Buxoro viloyati kengashi tomonidan atroflicha o‘rganildi.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, respublika miqyosida ta’lim sohasida samarali mehnat qilayotgan o‘qituvchilarni rag‘batlantirish maqsadida maxsus ustama to‘lovlari joriy etilgan. Ushbu tizim orqali pedagoglarning mehnatiga qo‘shimcha moddiy qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatilib, ularning kasbiy nufuzini oshirish ko‘zda tutilgan. Mazkur rag‘batlantirish choralari Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan bir qator malakali pedagoglarga ham tatbiq etilgan.

Shu bilan birga, amaliy jarayonda ayrim muammolar ham kuzatildi. Xususan, 2025 yil noyabr oyi uchun belgilangan ustama mablag‘larining o‘z vaqtida pedagoglarga yetib bormagani ma’lum bo‘ldi. Bu holat nafaqat moliyaviy intizom masalasini, balki joylarda qabul qilingan qarorlarning ijrosini qat’iy nazorat qilish zarurligini ham kun tartibiga chiqardi.

Murojaatni ko‘rib chiqish jarayonida ustama to‘lovlarining qonunchilikda belgilangan aniq mezonlar asosida amalga oshirilishi lozimligi alohida ta’kidlandi. Xususan, ushbu mablag‘lar faqat mehnat majburiyatlari haqiqatan bajarilgan davr uchun to‘lanishi, mehnat ta’tili yoki boshqa turdagi ta’tillarda bo‘lgan vaqt uchun esa bunday to‘lovlar nazarda tutilmasligi qayd etildi. Ilgari yuzaga kelgan hisob-kitobdagi xatoliklarni bartaraf etish esa belgilangan qonun normalariga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshirilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida mas’ul idoralarga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Buxoro viloyati kengashi tomonidan tegishli yozma ko‘rsatma kiritildi. Natijada, malakali pedagoglarga 2025 yil noyabr va dekabr oylari uchun belgilangan ustama mablag‘lari vazirlik jamg‘armasi hisobidan to‘liq to‘lab berildi. Mazkur holat murojaatlar orqali muammolarni hal etish, pedagoglarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ta’lim sohasida adolat tamoyillarini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar samara berayotganini yaqqol namoyon etadi.

Print Friendly, PDF & Email