
Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan Buxoro davlat universiteti katta faollar zalida “Bobur — davlatchilik, adabiyot va maʼnaviyat timsoli” mavzusida madaniy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Oradan besh asrdan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, ulug‘ shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning boy maʼnaviy merosi hanuz butun dunyoni hayratga solib, insonlar qalbiga ezgulik, insonparvarlik, saxovat va mehr-muruvvat nurini taratib kelmoqda. Uning bebaho asarlari, xususan, “Boburnoma” jahon adabiyoti xazinasidan munosib o‘rin egallagan.

Mazkur tadbir viloyat Kengashi hamda Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Buxoro viloyati birlashgan qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi. Unda o‘zbek suxandonlik sanʼatining munosib vakili M. Yo‘ldoshev, kengash raisi M. Olimov, sheʼriyat ixlosmandlari hamda yosh kitobxonlar ishtirok etdilar.

Tadbir davomida Bobur qalamiga mansub g‘azal va ruboiylar o‘qildi, kuy-qo‘shiqlar yangradi. So‘zga chiqqanlar ulug‘ shoirning serqirra ijodi, uning davlat arbobi va noziktaʼb ijodkor sifatidagi betakror fazilatlari haqida fikr yuritdilar. Kecha davomida Boburning boy adabiy merosiga yana bir bor nazar tashlanib, yosh avlod qalbida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, milliy va maʼnaviy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.




Tadbir ko‘tarinki ruhda, mazmunli va taassurotlarga boy tarzda yakunlandi.