
Muborak Ramazon oyi arafasida Urug‘chilikni rivojlantirish markazi DM Buxoro viloyat boshqarmasi ishchi-xodimlari hamda ularning oila a’zolari uchun 2 kunlik madaniy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi. Sayohat manzili — Samarqand shahri. Safardan ko‘zlangan asosiy maqsad jamoa a’zolarining ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish, milliy tarix va madaniy meros ob’ektlari bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, jamoada o‘zaro hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Sayohat dasturiga muvofiq ishtirokchilar Go‘ri Amir maqbarasi, Bibixonim masjidiShohi Zinda yodgorlik majmuasi, Xo‘ja Doniyorr ziyoratgohi va koinot sirlaridan so‘zlaguvchi Ulug‘bek rasadxonasida bo‘lib, ularning tarixiy ahamiyati va me’moriy xususiyatlari bilan tanishdilar.
Sayohat davomida, birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan xonadonlari hamda “Islom Karimov xotira majmuasi”da nuroniylar tomonidan duolar qilindi. Tashrif davomida mamlakatimiz mustaqilligi va taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilgan islohotlar xususida ma’lumotlar berildi.
Sayohat ishtirokchilari Samarqand shahrida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, zamonaviy infratuzilma va yangilangan shahar qiyofasi bilan ham yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, shaharning obod va zamonaviy ko‘rinishi ishtirokchilarda ijobiy taassurot qoldirdi. Sayohat ishtirokchilaridan biri Rahimov Karim o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashib shunday dedi: “5 yillik talabalik yillarim o‘tgan Samarqand shahrini bugun mutlaqo yangi qiyofada ko‘rib, chindan ham hayratlandim. Keng va ravon ko‘chalar, zamonaviy binolar, muhtasham majmualar shaharning yanada go‘zal va obod bo‘lganini ko‘rsatadi.” Mazkur madaniy-ma’rifiy sayohat jamoa a’zolarining tarixiy merosimizga bo‘lgan hurmatini yanada mustahkamlash, ma’naviy saviyasini oshirish hamda jamoaviy birlikni kuchaytirishga xizmat qildi.