Sinxron suzish bo‘yicha saralash bahslari qizg‘in o‘tdi

    Buxoro shahridagi Dilkusho suzish havzasida sportning sinxron suzish turi bo‘yicha kattalar va yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatiga saralash bosqichi doirasida viloyat chempionati musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Musobaqada suv sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabi terma jamoalari o‘zaro bellashdilar.

Musobaqada O‘zbekiston Aquatics Federatsiyasi Buxoro viloyati hududiy bo‘limi ijrochi direktori D. Xoliqov ishtirok etdi.

Mazkur tadbir Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 4 noyabrdagi “Suv sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yoshlar o‘rtasida suzish sport turini keng ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash va ularni professional bosqichga yo‘naltirish maqsadida tashkil etildi.

Musobaqa yakunida yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilarga diplomlar topshirildi. G‘olib sportchilar joriy yilning 4 mart kuni bo‘lib o‘tadigan respublika bosqichida viloyat sharafini himoya qilish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdilar.

— Bugungi kunda yurtimizda suv sport turlariga katta e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz qarori asosida infratuzilma yaxshilanmoqda, zamonaviy suzish havzalari barpo etilmoqda va yoshlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu esa biz murabbiylarga yanada mas’uliyat yuklaydi. O‘tkzilayotgan musobaqalar yosh sportchilarning tajribasini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Ular o‘z ustida ishlash, raqobat muhitini his qilish va katta sportga qadam qo‘yish imkoniga ega bo‘ladilar. Biz ularning munosib ishtirok etishi va yuqori natijalarni qo‘lga kiritishlariga ishonamiz. Asosiy  maqsad — nafaqat g‘alaba, balki mahorat va tajriba orttirishdir, — deydi sportning sinxron suzish turi bo‘yicha murabbiy Oydin Fayziуeva suhbat chog‘ida.

Bunday musobaqalar yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, iqtidorli sportchilarni kashf etish hamda suv sport turlarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Print Friendly, PDF & Email