
“Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan ayol xodimlarni e’zozlash, ularning jamoadagi o‘rni va mehnatini qadrlash maqsadida bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda jamiyat rahbariyati hamda kasaba uyushmasi vakillari ishtirok etib, korxonada samarali mehnat qilib kelayotgan xotin-qizlarni samimiy tabrikladilar. So‘zga chiqqanlar ayollarning nafaqat ishlab chiqarish jarayonida, balki jamoada sog‘lom muhitni shakllantirish, hamjihatlikni mustahkamlash hamda korxona rivojiga munosib hissa qo‘shishda tutgan o‘rni beqiyos ekanini alohida ta’kidlab o‘tdilar.


Bayram munosabati bilan ayol xodimlarga iliq tilaklar bildirilib, ularning fidokorona mehnati, mas’uliyati, shijoati va tashabbuskorligi yuksak e’tirof etildi. Jamoa ravnaqi yo‘lida sidqidildan xizmat qilib kelayotgan xotin-qizlarga jamiyat rahbariyati tomonidan bayram sovg‘alari topshirildi.
🎁 Shuningdek, kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan ham jamoaning barcha ayollariga ehtirom ramzi sifatida esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Bayram tadbiri samimiy muhitda o‘tib, unda ayollarga bo‘lgan hurmat va e’tibor yana bir bor o‘z ifodasini topdi.
Mazkur tadbir ayollarning mehnatini qadrlash, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda jamoada o‘zaro hurmat va ehtirom muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
