BILIM, ISTE’DOD, VATANPARVARLIK: “YANGI O‘ZBEKISTONNING YOSH TARG‘IBOTCHI”LARI SARALANDI

Bugun, 26-sentabr kuni Buxoroda “Yangi O‘zbekistonning yosh targ‘ibotchisi” ijodkor va iqtidorli o‘quvchi yoshlar viloyat tanlovi yakunlandi. O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligini ulug‘lashga, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida taebiyalash, ularning iste’dod va qobiliyatlarini yuzaga chiqarishga qaratilgan bu muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi, kasaba uyushmalari Federatsiyasi Buxoro viloyati kengashi, Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyati bo‘limi o‘rtasidagi hamkorlik Memorandumi asosida yuqori saviyada tashkil etildi.

Tanlovning asosiy maqsadlari qatorida yoshlarning Mustaqillik bayramini davr ruhiga hamohang tarzda nishonlash va targ‘ib qilishdagi faol ishtirokini ta’minlash, o‘quvchi yoshlarning istedodi va ijodiy qobiliyatini namoyon qilish, ularning bilimi va iqtidorini rivojlantirish, Vatanga muhabbat va sadoqatini mustahkamlash kabi muhim vazifalar joy oldi. Tanlovning tantanali ochilish marosimi haqiqiy bayram ruhida bo‘lib o‘tdi. Qo‘lida Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘targan ishtirokchi o‘quvchilar maydonga dadil qadamlar bilan kirib kelishdi. Ularning har biri Yangi O‘zbekistonning yetuk, fidoyi va bilimdon avlodi timsoli bo‘lib, o‘zida yurt kelajagiga ishonchni aks ettirdi. Bu manzara har bir ishtirokchining qalbidagi Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbat va sadoqatni namoyon etdi.

Tanlov umumta’lim maktablarining 10-11 sinf o‘quvchilari o‘rtasida uch bosqichda o‘tkazildi.

Baholash shartlari esa yosh targ‘ibotchining har tomonlama yetukligini sinovdan o‘tkazdi. Ishtirokchilar jami 50 ballik tizim bo‘yicha quyidagi shartlar asosida baholandi. Ishtirokchilar vatanparvarlik ruhida she’r yodlash, to‘rtlik yozish, insho hamda test savollariga javob berish orqali baholandi. Tanlov yakunida 1-o‘rin sohibi “Viloyat kengashi raisining stipendiyasi” va diplom bilan, 2 va 3-o‘rin egalari esa qimmatbaho sovg‘alar va maxsus diplomlar bilan taqdirlandilar. 

Shuningdek, tadbir doirasida “Yosh ijodkor”, “Iste’dodli o‘quvchi”, “Yosh bilimdon” nominatsiyalari bo‘yicha ham yoshlar alohida diplom va esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi. Tanlovning qolgan ishtirokchilari kasaba uyushmalari mablag‘lari hisobidan qimmatbaho sovg‘alar va tashakkurnoma bilan taqdirlandi. Tanlovda nafaqat iqtidorli o‘quvchilar, balki ularni buyuk marralarga undagan ustozlarga ham alohida ehtirom ko‘rsatildi. Tantanali marosimda g‘olib o‘quvchilarning ustozlariga maxsus guldasta hamda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Buxoro viloyati kengashi raisining tabriknomasi topshirildi. Bu e’tirof yoshlarning muvaffaqiyati zamirida ustozlarning tinimsiz mehnati va sadoqati yotganining yorqin ifodasi bo‘ldi.

Ahamiyatli jihati shuki, “Yangi O‘zbekistonning yosh targ‘ibotchisi” tanlovi yoshlar uchun o‘z iqtidori va bilimlarini sinash, Vatanga muhabbat va sadoqatini ifoda etish maydoni bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu jarayonda yoshlarning ma’naviy dunyoqarashi boyiydi, ijodiy tafakkuri rivojlanadi va, eng muhimi, mamlakat taraqqiyotiga daxldorlik hissi mustahkamlanadi. Shu jihatdan, tanlov yosh avlodda milliy g‘urur va ma’naviy salohiyatni yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Print Friendly, PDF & Email