
Buxoro viloyat kengashida apparat xodimlari, tarmoq mas’ullari, birlashgan qo‘mitalar, shahar va tuman kengashlari hamda boshlang‘ich tashkilotlar raislari, mutaxassislari va buxgalterlari ishtirokida Viloyat Kengashining 1-Ijroiya qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda qator muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, viloyat kengashi raisi M. Olimov tomonidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi huzurida 2025 yil 14 noyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilish bayoni ijrosi, shuningdek Prezident Sh.M. Mirziyoevning 13 noyabr kuni “Yangi O‘zbekiston” gazetasida e’lon qilingan “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali maqolasi batafsil tahlil qilindi.
Кengash raisi ta’kidlaganidek, mazkur maqolada belgilab berilgan ustuvor vazifalar barcha sohalar uchun amaliy dastur vazifasini o‘taydi. Shu bois shu mazmun-mohiyatni har bir mehnat jamoasiga yetkazish, uning ahamiyatini tushuntirish dolzarb vazifalardan biri ekanligi qayd etildi.

Shu bilan birga, “11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” hamda kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbirlarining yakunlari ham ko‘rib chiqildi. Tadbirlar samaradorligi, jamoalardagi faollik va aholining kasaba uyushmalari faoliyatiga bo‘lgan qiziqishi tahlil etildi.

Shuningdek, yig‘ilishda kengashning madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo‘limi mudiri tomonidan Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmalarida olib borilayotgan ishlar, jumladan mehnatkashlar o‘rtasida madaniy-ma’rifiy faoliyatni kengaytirish, milliy g‘oya va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi.

Yig‘ilish yakunida mas’ullar har bir masala yuzasidan fikr almashdilar, amaliyotda uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha takliflar bildirildi. Shuningdek, kasaba uyushmalari faoliyatini yanada rivojlantirish, mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan bir qator ustuvor vazifalar belgilab olindi.

