
O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi G‘ijduvon tuman bo‘linmasi kengashi tomonidan tuman maktabgacha va maktab ta’lim bo‘limining yig‘ilishlar zalida boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mita raislari ishtirokida o‘quv seminar tashkil etildi.
Tadbir «Kasaba uyushmasining afzalliklari» mavzusiga bag‘ishlanib, uni bo‘linma kengashi raisi Yu. Xomidov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Seminarda Buxoro viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasining bosh mutaxassisi R. S. Nasimov kasaba uyushmasining tashkilotlardagi o‘rni, asosiy vazifalari, mehnatkashlar manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda a’zolarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, seminar davomida ishtirokchilarga Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” maqolasida ilgari surilgan g‘oyalar, ularning mintaqadagi har bir inson manfaatlariga daxldorligi, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlikning strategik ahamiyati yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Markaziy Osiyoda ta’lim va ilm-fan integratsiyasini kuchaytirish, yoshlar birdamligini mustahkamlash, madaniy va sivilizatsion uyg‘unlikni rivojlantirish, shuningdek qo‘shni xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni kengaytirishga doir fikr-mulohazalar bildirildi.

Yig‘ilish yakunida boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mita raislari o‘z taklif va mulohazalarini bildirib, o‘zaro tajriba almashdilar.
