
Shofirkon tumani Fermerlar kengashida jamoa shartnomalarining ijrosi va 2025 yil yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda tuman kengashiga qarashli 100 dan ortiq fermer xo‘jaliklari rahbarlari, kasaba uyushmalari vakillari hamda sohaviy mutaxassislar ishtirok etdilar.
Tadbirning asosiy e’tibori jamoa shartnomalarining mazmun-mohiyati, ularning amaldagi ijrosi va xodimlar huquq hamda manfaatlarini himoya qilishdagi o‘rniga qaratildi. Ta’kidlanganidek, jamoa shartnomalari mehnat munosabatlarini tartibga solishda muhim huquqiy hujjat hisoblanib, ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi o‘zaro mas’uliyat, majburiyat va kafolatlarni aniq belgilab beradi.
Yig‘ilishda 2025 yil davomida jamoa shartnomalari asosida amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Xususan, xodimlar uchun xavfsiz va munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ish haqini o‘z vaqtida to‘lash va uning oshirib borilishi, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi talablariga rioya etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ayrim fermer xo‘jaliklarida jamoa shartnomalari ijrosi yuksak darajada ta’minlangani, xodimlar bilan ochiq muloqot yo‘lga qo‘yilgani va ijtimoiy sheriklik tamoyillari samarali ishlayotgani alohida e’tirof etildi. Shu bilan birga, shartnomalar ijrosida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xo‘jaliklarga aniq tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda jamoa shartnomalarini yanada takomillashtirish, ularning amaliy samaradorligini oshirish, har bir fermer xo‘jaligida shartnoma ijrosi ustidan doimiy monitoring o‘rnatish zarurligi qayd etildi. 2026 yilda barcha fermer xo‘jaliklarida jamoa shartnomalarini qonun talablari asosida qayta ko‘rib chiqish va yangilash vazifasi belgilab olindi.
Tadbir yakunida jamoa shartnomalarining to‘liq va sifatli bajarilishi mehnat barqarorligi, ishlab chiqarish samaradorligi va ijtimoiy adolatni ta’minlashning muhim omili ekani alohida ta’kidlandi.