Jamoa shartnomasi ijrosi – ijtimoiy himoya va hamkorlik mezoni

Buxoro yo‘llardan muntazam foydalanish davlat muassasasi ma’muriyati hamda kasaba uyushma qo‘mitasi o‘rtasida xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy muhofaza qilish yuzasidan 2024–2026 yillar uchun tuzilgan jamoa shartnomasining 2025 yildagi ijrosi bo‘yicha mehnat jamoasining konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur konferensiya ijtimoiy sheriklik tamoyillari asosida ish beruvchi va xodimlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash hamda xodimlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilishga bag‘ishlandi.

Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi apparati Tashkiliy ishlar bo‘limi bosh mutaxassisi Sh. Odilxonova, O‘zbekiston transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi bosh mutaxassisi D. Hoshimova, viloyat kengashi raisi o‘rinbosari H. Beshimov hamda 35 nafar delegat ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq ish beruvchi hamda kasaba uyushma qo‘mitasi raisining jamoa shartnomasida belgilangan bandlarning 2025 yil davomida bajarilishi yuzasidan hisobotlari tinglandi. Hisobotlarda xodimlar uchun yaratilgan munosib mehnat sharoitlari, ijtimoiy kafolatlar, mehnatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish tadbirlari hamda moddiy rag‘batlantirish choralariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, jamoa shartnomasi bajarilishini nazorat qiluvchi komissiya dalolatnomasi o‘qib eshittirildi.

Konferensiya yakunida delegatlar tomonidan jamoa shartnomasining 2025 yildagi bajarilishi atroflicha muhokama qilinib, amalga oshirilgan ishlar “qoniqarli” deb baholandi hamda kelgusida samaradorlikni yanada oshirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.

Print Friendly, PDF & Email