Buxoro davlat universiteti konferensiyasiya

Buxoro davlat universiteti ma’muriyati va kasaba uyushma qo‘mitasi o‘rtasida 2023–2025-yillarga mo‘ljallab tuzilgan jamoa shartnomasining 2025-yildagi bajarilishi hamda 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan yangi jamoa shartnomasi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan mehnat jamoasining konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Konferensiya ishida O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi o‘rinbosari Boboyorov Mahmud Hamid o‘g‘li ishtirok etib, so‘zga chiqdi va jamoa shartnomalarining xodimlar manfaatlarini himoya qilishdagi o‘rni hamda ahamiyati haqida fikr bildirdi.

Kun tartibiga qo‘yilgan masalalar yuzasidan ish beruvchi hamda kasaba uyushma qo‘mitasi raisining hisobotlari tinglandi. Hisobotlarda jamoa shartnomasida belgilangan ijtimoiy-iqtisodiy kafolatlar, mehnat sharoitlarini yaxshilash, xodimlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, sog‘lomlashtirish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha yoritib berildi.

Shuningdek, jamoa shartnomasi ijrosini nazorat qilib boruvchi komissiya tomonidan tuzilgan dalolatnoma o‘qib eshittirildi. Unda shartnoma bandlarining bajarilish darajasi tahlil qilinib, mavjud yutuqlar bilan bir qatorda kelgusidagi vazifalar ham belgilab olindi.

Konferensiya yakunida delegatlar tomonidan jamoa shartnomasining 2025-yildagi bajarilishi “qoniqarli” deb baholandi. Shu bilan birga, 2026–2028-yillarga mo‘ljallab tuzilgan yangi jamoa shartnomasi loyihasi muhokama qilinib, bir ovozdan ma’qullandi.

Mazkur konferensiya ochiq muloqot, ijtimoiy hamkorlik va o‘zaro ishonch tamoyillariga asoslangan holda o‘tkazilib, universitet jamoasida barqaror mehnat munosabatlarini mustahkamlash hamda xodimlar manfaatlarini yanada samarali himoya qilishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Print Friendly, PDF & Email