Mehnat jamoalarida xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha targ‘ibot ishlari kuchaymoqda

Buxoro viloyat kasaba uyushmalari kengashi tomonidan viloyatning tuman va shaharlarida tarmoq rahbarlari, boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raislari hamda yosh ishchi-xodimlar ishtirokida davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Mazkur tadbirlar mehnat jamoalarida sog‘lom ijtimoiy muhitni mustahkamlash, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda gender tenglik masalalari bo‘yicha huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan.

Davra suhbatlari O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-sentabrdagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi (O‘RQ–561) hamda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi (O‘RQ–562) qonunlarining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berishga qaratilgan.

SHuhuningdek, 2020-yil 4-yanvardagi Vazirlar Mahkamasining 3-son qarori – “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham tushuntirishlar berilmoqda. Xususan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderi berish tartibi, ularning huquqiy, psixologik hamda ijtimoiy himoyasini ta’minlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumotlar berilmoqda.

Davra suhbatlarida viloyat kengashi raisi o‘rinbosarlari X. Beshimov, A. Akramova, yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi D. Jo‘rayev, viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, mayor X. Toyirova, shuningdek ichki ishlar organlari, adliya bo‘limlari hamda oila va xotin-qizlar bo‘limlarining tuman va shahar bo‘linmalari vakillari ishtirok etib, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, jamiyatda gender tenglikni qaror toptirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot bermoqda.

Uchrashuvlar davomida mavzuga oid videoroliklar namoyish etilib, ishtirokchilar bilan ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda. Yoshlar va keng jamoatchilik vakillarining savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berilmoqda. Shuningdek, mehnat jamoalarida zo‘ravonlikning oldini olish, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish hamda ularning huquqiy bilimlarini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bunday davra suhbatlari mehnat jamoalarida sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirish, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda jamiyatda gender tenglik tamoyillarini keng qaror toptirishga xizmat qilmoqda.

Mazkur uchrashuvlar tasdiqlangan reja-grafik asosida viloyatning barcha tuman va shaharlarida mazkur mavzuda davra suhbatlarini bosqichma-bosqich o‘tkazish belgilangan. Ushbu uchrashuvlar orqali mehnat jamoalari, ayniqsa yosh ishchi-xodimlar o‘rtasida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash hamda tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha tushuntirish va targ‘ibot ishlari yanada kuchaytirilmoqda.

Print Friendly, PDF & Email