Jamoada sog‘lom ishchanlik muhitini shakllantirish, mehnat ijtimoiy-ma’naviy muhitni mustahkamlashda boshlang‘ich kasaba uyushmalarining roli benihoya katta.Mazkur tuzilma nafaqat xodim, balki ish beruvchining manfaatlarini ham himoya qiladi. Masalan mehnat munosabatlarini o‘rganishda qonuniylik ustidan jamoat nazorati olib borilgan joyda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmaydi, shunday g‘olat yuz bergan taqdirda ham, tezda bartaraf etiladi.Mehnatni muhofaza qilishga oid faoliyatni tashkil etish mehnat muhofazasi bo‘yicha 3 bosqichli nazorat o‘rnatilishi natijasida ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning oldi olinadi. Muxtasar aytganda, kasaba uyushmalari xodimlar, aholi va davlat organlari o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajaradi.
Ish beruvchilar biz kasaba uyushmalari bilan jamoat tashkiloti sifatida hamkorlik qilsa, xodimlar o‘rtasida iliqlik, ochiqlik, ishga nisbatan mas’uliyat ortadi, ishchi-xodimlar bir jamoa bo‘lib shakllanadi. Ayniqsa, yangi tashkil etilgan tashkilot va korxonalarda kasaba uyushmalari tadbirlari xoh u sport musobaqasi bo‘lsin, xoh madaniy-ma’rifiy tadbir yoki sayohat bo‘lsin, jamoa a’zolari o‘zaro birlashib, samaradorlik oshirishga sabab bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, bugun Buxoro viloyatidagi mavjud soliq to‘lovchi yuridik maqomga ega tashkilot, korxona muassasalarning 7262 tasida kasaba uyushmasi tuzilgan bo‘lib, ularda ishlovchilarning 340 ming nafari kasaba uyushmasi a’zolaridir. 2022 yil davomida kasaba uyushma a’zolik afzalliklari targ‘ib etilishi natijasida 508 ta korxona tashkilotning 10 ming nafardan ziyod xodimlari a’zolar safiga qo‘shildi. Joriy yilda ham viloyat kasaba uyushmalari oldida bir qator vazifalar belgilangan. Jumladan, 1000 dan ortiq korxona va tashkilotda yangi kasaba uyushma tashkilotlarini tuzib, jamoa shartnomalari orqali xodimlar manfaatini himoya qilish ko‘zda tutilgan. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini har bir boshlang‘ich tashkilotda muhokama etish, korxona va tashkilotlardagi lokal hujjatlarni yangi kodeksga moslashtirishga amaliy yordam, boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti faollarining huquqiy savodxonligini oshirishga e’tibor qaratiladi.
Prezidentimining 2021 yil 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bayrami munosabati bilan respublika kasaba uyushmalari faollariga yo‘llagan bayram tabrigida “Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha ish beruvchilar va rahbarlar butun dunyoda tan olingan quyidagi qoidaga amal qilishlarini istardim: har qaysi korxona yoki tashkilotda albatta kasaba uyushmasi faoliyat ko‘rsatishi va rahbarlar albatta ular bilan yaqin hamkorlikda ish olib borishi shart”, deya alohida ta’kidlangan edi. Bu albatta, xodimlarning ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini ta’minlashda kasaba uyushmalarining vakolatlari kengayib borayotganining yana bir nishonasidir.
Zero, korxona tashkilotlarda ishlovchi har bir xodimni kasaba uyushmalari atrofida birlashtirsak, birgalikda ularni himoya qilsak, yaratilayotgan har bir ish o‘rinlarini mustahkamligini ta’minlasak, xodimlarning muammolarini birgalikda yechimini topish orqali fuqarolarimizni rozi qilsak, ko‘zlagan yuksak maqsadlarga, albatta, erishamiz.
Hamid Beshimov,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Buxoro viloyat kengashi raisi o‘rinbosari