Bugungi texnologiyalar asrida insoniyat o‘zining barcha yumushlarini kompyuterlar, robotlar ixtiyoriga topshirib qo‘ymoqda. Ishlarimizni bir tugmani bosish orqali hal qilishga odatlanib boryapmiz. Ayniqsa, idora va tashkilotlarda xodimlar soatlab o‘rnidan qo‘zg‘almasdan kompyuter qarshisida muk tushgancha ishlashiga to‘g‘ri kelmoqda. Albatta, bu holat ularning salomatligiga putur yetkazib, turli darajadagi kasb kasalliklarini keltirib chiqaradi. Shundan kelib chiqqan holda idora va tashkilotlarda sport xonalari tashkil etilishini davrning o‘zi taqozo etmoqda. “Ipoteka bank” ATIB Buxoro viloyat filiali boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi tashabbusi bilan shu maqsadlarni ko‘zlagan holda ma’muriyat binosidan uchta alohida xona ajarildi. Ularning ikkitasi ish beruvchi mablag‘lari hisobidan sport anjomlari bilan jihozlanib, mo‘jazgina sport zalga aylantirildi. Uchinchi xona esa xodimlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarini ta’minlash uchun kichik kutubxonaga aylantirildi.
Sport zali stol tennisi, yugurish yo‘lakchasi va shu kabi turli sport jihozlari bilan to‘ldirilgan bo‘lsa, kutubxona 200dan ortiq badiiy va siyosiy adabiyotlar, davriy nashrlar bilan boyitildi.
Har hafta shanba kuni boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasining tashabbusi bilan erkak xodimlar mini futbol, ayollar esa volleybol sport o‘yinlari bilan shug‘ullanishlari uchun imkoniyat yaratilgan. Tashkilot binosidagi kichik sportzalda bu o‘yinlarni o‘ynash imkoni bo‘lmagani sababli ijara to‘lovi asosida sport komplekslaridagi zallardan foydalanilmoqda.
Sharib JO‘RAEV,
Ipoteka bank ATIB Buxoro viloyat filiali boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi