Jadidlar jasorati millatimiz faxri

  Davlatimiz rahbarining o‘tgan yili Oliy Majlis va xalqimizga qilgan Murojaatnomasida “Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”. Ma’rifatparvar jadid bobolarimizning bu so‘zlari deputat va senatorlarimiz, siyosiy partiyalar, mahalliy kengashlar, butun davlat apparati, keng jamoatchilikning amaliy harakatiga aylanishi kerak” deb alohida qayd etgan edi. Murojaatnomadagi mazkur ko‘rsatma Respublika sanator-kurortlar boshqarmasi tomonidan qizg‘in kutib olindi. Federatsiya tasarrufidagi kasaba uyushma tashkilotlarida o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ma’naviyat o‘quvlarida “O‘zbekistonda jadidchilik harakati” mavzusida alohida soatlar kiritilishiga e’tibor qaratilmoqda. Yaqinda Buxoro viloyatidagi «Sitorai Mohi Xossa» sanatoriysida mavzuga bag‘ishlangan o‘quv bo‘lib o‘tdi. Unda muassasa shifokorlari, ishchi-xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Sanator-kurortlar boshqarmasi Ӯquv-uslubiy markazi mutaxassisi Mahmuda Murzaeva «Ӯzbekistonda jadidchilik harakati» mavzusida ma’ruza qildi. Buxoro jadidlari tarixi va faoliyatiga doir ma’lumotlarni taqdim etdi.

    Qayd etilganidek, Buxoroda jadidchilik harakati nisbatan og‘ir ijtimoiy-siyosiy sharoitda yuzaga kelgan. Buxoroda ilk yangi usul maktabi vobkentlik Jo‘raboy dehqon tomonidan ochilgan. Jadidchilik Buxoro va Turkistondagi boshqa hududlarda bir vaqtda boshlangan bo‘lsa ham amirlikdagi og‘ir muhit uning taraqqiyotini birmuncha tezlashtirgan. 1908 yilda jadidlar tashabbusi bilan “Buxoroi sharif” shirkati tuzilib, darsliklar nashr etish va kitob savdosi bilan shug‘ullanadi. 1909 yilda “Tabiyai atfol” – “Bolalar tarbiyasi” maxfiy jamiyati tashkil etiladi va bu jamiyat turkistonlik, buxorolik yoshlarni Istambuldagi “Buxoro ta’mimi maorif jamiyati”ga o‘qishga jo‘natadi. Xorijdagi ta’lim yoshlar dunyoqarashida tub burilish yasaydi. Nihoyat, 1910 yilda Buxoroda jadidchilik harakati tashkiliy tus oladi. Shu kabi Buxoro jadidlari faoliyatiga doir ma’lumotlar tadbir ishtirokchilarining mavzuga doir bilimlarini boyitishga xizmat qildi.

       -Ushbu o‘quv aynan Buxoro viloyatidan boshlanishining o‘ziga xos sababi bor, — dedi Mahmuda Murzaeva. — Buxoro jadidlari tarixda o‘zining samarali faoliyati bilan alohida iz qoldirgan. Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xo‘jaev, Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jaev, Abdulvohid Burhonov, Sadriddin Ayniy, Abdulqodir Muhiddinov singari ko‘plab taraqqiyparvar buxoroliklar jadidchilik harakatining vujudga kelishida eng oldingi saflarda harakat qilishgan. Umuman jadid bobolarimiz hayoti va faoliyatini bilish, o‘rganish har birimizning muqaddas burchimizga aylanishi lozim.

     Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, ularning ulug‘ maqsadlar yo‘lidagi mardona kurashi va fidoyiligi Yangi O‘zbekistonni qurishda ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi zarur.

 

Dildora IBROHIMOVA,

“IShONCh”

Print Friendly, PDF & Email