Porloq kelajak oromgohida amaliy seminar o’tkazildi

   2023-yil yoz mavsumi davomida bolalarni dam oldirish va sog’lomlashtirish ishlariga tayyorgarlik ko’rish, mavsumni yuqori saviyada o’tkazish maqsadida Buxoro viloyati Kasaba uyushmasi tomonidan joriy yilning 1-iyun kuni Vobkent tumanida joylashgan «Porloq kelajak» oromgohida seminar o’tkazildi. Viloyatda joriy yilda 143 ta statsionar va sog’lomlashtirish maydonchalari faoliyat yuritishi ularda 18 ming 435 nafar bolalarni sog’lomlashtirish rejalashtirilgan dedi- viloyat kengashi raisi M.Olimov.

   Viloyatimizda mavsum davomida 11 ta oromgoh jumladan, «Neftchi», «Yosh aloqachi», «Humo», Vobkent tumanidagi «Porloq kelajak», «Yosh irregator», va «Quyosh nuri», Buxoro tumanidagi «Yosh paxtakor», Peshku tumanidagi «Peshku», Romitan tumanidagi «Romitan», G’ijdivon tumanidagi «Bolalar sayyorasi», Buxoro tumanidagi «Juyzar» kabi sog’lomlashtirish maskanlari faoliyat yuritadi. Hozirgi kunda oromgohlar bolajonlarni qabul qilib olish uchun shay holatda turibdi.

     Viloyat favqulotda vaziyatlar boshqarmasi o’rinbosari F.Po’latov kasaba uyushma faollari, tegishli boshqarma, korxona, tashkilot shuningdek oromgoh rahbarlariga oromgohlarda favqulotda vaziyatlarni bartaraf qilish, cho’milish havzalarida bolalar xavfsizligini ta’minlash, bo’yicha ma’ruza qildi. Shu bilan birga tadbir davomida favqulotda vaziyatlar boshqarmasining ma’sul xodimlari oromgoh ishchi xodimlariga tegishli ko’rsatmalar berdilar.

Seminarda so’z olganlar oromgohlarda bolalarning dam olishlarini mazmunli tashkil etish, sanitariya me’yorlariga amal qilish, tibbiy profilaktik yordam ko’rsatish, oromgohlarda favqulotda vaziyatlarni bartaraf qilish, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish, bolalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va bir qator mavzularda suhbat olib bordilar. Tadbir yakunida ko’rgazmali-amaliy tadbirlar ham bo’lib o’tdi.

Print Friendly, PDF & Email