
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat kengashi tashabbusi bilan joriy yilning 20-may kuni Buxoro shahridagi Ko‘nikmalar markazida viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalar o‘rtasida yashil hududlarni kengaytirish hamda mehnatkashlarning ekologik madaniyatini shakllantirish maqsadida kasaba uyushmalari jamoalari o‘rtasida “Ekologik faol kasaba uyushmasi jamoasi” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.




Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan keyingi yillarda ekologiya, atrof-muhit muhofazasi, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini rivojlantirish hamda aholi ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasi sifatida tashkil etildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2025-yil 17-oktabr kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida bildirilgan taklif va tavsiyalar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan mazkur tadbir kasaba uyushmalarining ekologik islohotlardagi faol ishtirokini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.




Ko‘rik-tanlovda turli tarmoq tizimlaridan ishtirok etgan jamoalar hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, chiqindilarni saralash va qayta ishlash, suv hamda energiya resurslarini tejash, ekologik targ‘ibot va aksiyalarni tashkil etish, innovatsion eko-loyihalarni amalga oshirish borasidagi amaliy ishlarini namoyish etdilar. Ma’lumot o‘rnida, mazkur tanlovda tarmoq tizimidagi 12 ta yirik boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlari ishtirok etdi.


Tadbir doirasida ishtirokchilar tomonidan ekologik yo‘nalishdagi ko‘rgazmalar, taqdimotlar hamda innovatsion tashabbuslar namoyish etildi. Ayniqsa, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, ekologik madaniyatni shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari va chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha ilg‘or tajribalar hakamlar hay’ati hamda tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Tanlov yakunida hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchi jamoalarning chiqishlari belgilangan mezonlar asosida baholanib, faol va tashabbuskor jamoalar munosib taqdirlandi.



Natijalarga ko‘ra:
- 1-o‘rin — Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi ta’lim muassasasi — Buxoro davlat tibbiyot instituti akademik litseyi jamoasiga 2 million so‘mlik sertifikat va diplom topshirildi;
- 2-o‘rin — Agrosanoat majmuasi xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi Buxoro davlat texnika universiteti jamoasiga 1,5 million so‘mlik sertifikat va diplom berildi;
- 3-o‘rin — Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasining Buxoro davlat universiteti jamoasiga 1 million so‘mlik sertifikat va diplom topshirildi.




Shuningdek, ko‘rik-tanlov g‘oliblari viloyat kengashining statuetkalari bilan taqdirlandi, faol jamoalarga esa viloyat kengashining tashakkurnomalari topshirildi.
Mazkur ko‘rik-tanlov mehnat jamoalarida ekologik ong va madaniyatni yuksaltirish, atrof-muhitni asrashga daxldorlik hissini kuchaytirish hamda kasaba uyushmalarining jamiyatdagi ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiluvchi muhim platformalardan biri bo‘ldi. Kelgusida bunday tanlovlarni yanada kengaytirish, keng jamoatchilikni ekologik tashabbuslarga faolroq jalb etish hamda ekologik madaniyatni targ‘ib qilish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish belgilab olindi.