Bolajonlarga quvonch ulashgan bayram tadbirlari

1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Buxoro viloyati kengashi tomonidan bolajonlar uchun qator madaniy-maʼrifiy va xayriya tadbirlari tashkil etildi.

Jumladan, Buxoro shahridagi “Samoniylar” dam olish maskanida bayramona xayriya tadbiri oʻtkazilib, unda bolajonlar uchun qiziqarli madaniy dastur namoyish etildi. Tadbir davomida 500 nafar bolaga muzqaymoq tarqatilib, ularning bayramona kayfiyatiga yanada koʻtarinki ruh bagʻishlandi.

Shuningdek, kasaba uyushmasi aʼzolarining farzandlari uchun Buxoro viloyati Qoʻgʻirchoq teatrida teatr tomoshasi tashkil etildi. Teatr jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan “Afandi qayerda?” nomli spektakl bolalarga namoyish etildi. Mazmunan boy va tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan spektakl yosh tomoshabinlarda katta qiziqish uygʻotib, ularga unutilmas taassurotlar bagʻishladi. Teatr tomoshasida 250 nafardan ortiq bolajon ishtirok etdi.

Tashkil etilgan tadbirlardan koʻzlangan asosiy maqsad bolalarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning madaniy va maʼnaviy dunyoqarashini boyitish, shuningdek, Xalqaro bolalarni himoya qilish kunini munosib nishonlashdan iborat boʻldi.

Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Buxoro viloyati kengashi tomonidan oʻtkazilgan mazkur tadbirlar bolajonlarga bayramona kayfiyat ulashish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda baxtli bolalikni taʼminlashga qaratilgan ezgu ishlardan biri boʻldi.

Print Friendly, PDF & Email