Bolalar baxtli kelajagi yo‘lida

      Har yili 12 iyun sanasida dunyo hamjamiyati bolalar mehnatiga qarshi kurashishga chaqirib, ushbu muhim sanani nishonlaydi. Bu kun 2002 yilda Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan ta’sis etilgan.

     Sana munosabati bilan viloyatimizdagi hozirda faoliyat olib borayotgan     11 ta oromgohda 1-davra mavsumi doirasida ma’naviy-ma’rifiy, madaniy-ko‘ngilochar va sport tadbirlari keng ko‘lamda tashkil etilmoqda.

    Jumladan, oromgohlarda bolalar ishtirokida davra suhbatlari, ochiq muloqotlar hamda “Bolalar mehnatiga yo‘q deymiz!” shiori ostida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Shuningdek, rasmlar tanlovi, sahna ko‘rinishlari, viktorinalar va ijodiy chiqishlar orqali bolalarning bilim va iste’dodlari namoyon etilmoqda.

Sport musobaqalari — futbol, voleybol, shaxmat-shashka bellashuvlari hamda quvnoq startlar bolalarning jismoniy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda. G‘olib va faol ishtirokchilar rag‘batlantirilmoqda.

 

Tadbirlar davomida bolalarga ularning huquqlari, sifatli ta’lim olish va xavfsiz bolalikning ahamiyati haqida tushunchalar berilmoqda. Bayramona kayfiyat, ko‘tarinki ruh va quvonchli lahzalar har bir oromgohda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Bolalarning baxtli buguni va porloq kelajagi — barchamizning ustuvor vazifamizdir.

Print Friendly, PDF & Email