
Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi AJ fidoyi va sadoqatli xodimlarini nafaqaga kuzatish marosimini o‘tkazdi. Uzoq yillar davomida jamoaning taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan, boy tajribasi bilan yosh kadrlarni tarbiyalagan, ko‘plab shogirdlar yetishtirgan ustozlarimiz bu tadbirda alohida ehtiromga sazovor bo‘ldi.

Tantanali marosimda har bir faxriyning yillar davomida to‘plagan tajribasi, kasbga sadoqati va yuksak mas’uliyati chuqur minnatdorchilik bilan eslandi. Ustozlarning fidoyiligi va jamoaga qo‘shgan hissasi, nafaqat tarixiy meros, balki yoshlarga o‘rnak bo‘ladigan tajriba maktabi sifatida qadrlanadi.

Jamiyat bosh direktori Bahodir Hayotov so‘zga chiqib, faxriylarning korxona taraqqiyotidagi o‘rni beqiyos ekanini alohida ta’kidladi va ularga kelgusi hayot yo‘lida sog‘liq, xotirjamlik va uzoq umr tiladi.
Shuningdek, kasaba uyushmasi tomonidan faxriylarimizga estalik sovg‘alari topshirildi. “Faxriylarimizni qo‘llab-quvvatlash va ularning manfaatlarini himoya qilish doimo bizning ustuvor vazifamizdir. Nafaqa – bu yakun emas, balki hurmat bilan kuzatiladigan yangi bosqichdir,” deydi kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Jamshid Ro‘ziyev.
