
Viloyat Kengashi majlislar zalida Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekiston bo‘yicha katta koordinatori Yuriy Shterk ishtirokida kasaba uyushmasi faollari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda munosib mehnat tamoyillari, ijtimoiy himoya masalalari hamda ish joylarida tenglikni ta’minlash, xususan gender tengligi yo‘nalishidagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi. Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, mehnat huquqlarini mustahkamlash, majburiy va bolalar mehnatini bartaraf etish borasidagi ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Muloqot davomida kasaba uyushmalarining ushbu jarayonlardagi o‘rni, xodimlar manfaatlarini himoya qilish, mehnat sharoitlarini yaxshilash va ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar o‘zaro fikr almashib, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirdilar.
