Viloyat kengashi tomonidan o‘quv seminarlari tashkil etildi

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Buxoro viloyati kengashi tomonidan barcha tuman va shaharlarda boshlang‘ich kasaba uyushmalari qo‘mitalari raislari ishtirokida o‘quv seminarlari tashkil etildi.

Mazkur seminarlar kasaba uyushmalarini tashkiliy jihatdan mustahkamlash, kadrlar salohiyatini oshirish, boshlang‘ich tashkilotlarga amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatish hamda kasaba uyushmalari faoliyatini yanada samarali tashkil etish maqsadida o‘tkazildi.

Seminarlarda viloyat kengashi raisi o‘rinbosari H. Beshimov hamda soha mutaxassislari ishtirok etib, “Kasaba uyushmalari boshlang‘ich tashkilotlari faoliyatini Ustav talablari va me’yoriy hujjatlar asosida tashkil etish” mavzusida atroflicha ma’lumot berdi.

 Tadbirlar davomida ijtimoiy sug‘urta mablag‘laridan maqsadli foydalanish, yo‘llanmalarni taqsimlash tartibi, kasaba uyushmalari a’zolik badallari hisobidan yo‘llanmalar berish tartibi, shuningdek, yo‘llanma olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar yuzasidan batafsil ko’rsatmalar berildi.

Seminarlar davomida murojaatlar bilan ishlashda tezkorlik, shaffoflik va mas’uliyat tamoyillariga rioya etish, fuqarolar hamda xodimlarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish yuzasidan muhim ko’rsatmalar berildi.

Shuningdek, ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida faoliyatga oid test sinovlari ham o‘tkazildi.

Ochiq muloqot va tajriba almashish ruhida o‘tgan ushbu seminarlar kasaba uyushmalari tizimida faoliyat samaradorligini oshirish hamda boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi

Print Friendly, PDF & Email